Jinoiy aktivlarni boshqarish va ularni tasarruf qilish loyihasi amalga oshirilmoqda

Jinoiy aktivlarni boshqarish va ularni tasarruf qilish loyihasi amalga oshirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) bilan hamkorlikda jinoiy aktivlarni boshqarish va ularni tasarruf qilish loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Loyihaning birinchi bosqichida jinoiy ishlarni tergov qilish yoki fuqarolik protsessi jarayonida xatlangan va musodara qilingan jinoiy aktivlarni boshqarish sohasidagi bugungi kundagi holat hamda qonunchilikni baholash rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida Akademiya hamda UNODC tomonidan Buyuk Britaniyadan jalb qilingan ekspert Pol Milvaganam (Paul Mylvaganam) ishtirokida tergov, sud va boshqa davlat organlari uchun O‘zbekiston Respublikasining xatlangan va musodara qilingan aktivlarni boshqarish va tasarruf qilish sohasidagi qonun hujjatlari va amaliyotini tahlil qilish maqsadida savolnoma ishlab chiqildi. Shuningdek, ushbu sohaga tegishli bo‘lgan masalalar va mavjud kamchiliklarni muhokama qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlarning mas'ul xodimlari bilan onlayn uchrashuvlar tashkil qilindi.

Loyihaning birinchi bosqichi yakunlari bo'yicha jinoiy aktivlarni boshqarish va ularni tasarruf qilish borasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan hisobotni ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.