Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini ilmiy-metodik ta'minlash hamda joylarda kriminogen vaziyatni o‘rganish maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasining bir guruh xodimlari hududlarda kriminogen xavflar darajasiga ko‘ra “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarda o‘rganishlar olib bormoqda.
O‘rganish jarayonida asosiy e'tibor mahallalardagi kriminogen vaziyatning o‘ziga xos hududiy va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan. Jumladan, hududdagi bino va inshootlarning zichligi, aholi gavjumligi, yoritish va videokuzatuv moslamalari bilan jihozlanganlik darajasi, yirik savdo markazlari va bozorlarning mavjudligi, ichki migratsiya darajasi va boshqa hududlardan kelgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar salmog‘i kabi holatlar chuqur tahlildan o‘tkazildi.
Shuningdek kunning jinoyat sodir etilgan vaqti, mavsumiy davr, jinoyat sodir etgan shaxs “portreti”, jinoyatdan jabr ko‘rganlarning viktimologik xususiyatlari va shu kabi omillar ham alohida o‘rganildi.
Mazkur faoliyat doirasida Chilonzor tumanidagi “Iqbol” va “Katta Qozirobod”, Zangiota tumanidagi “Beshqo‘rg‘on”, Buxoro shahridagi “Piri-dastgir” mahallalarida sayyor faoliyat olib borilib, profilaktika inspektorlari hamda mahalla faollari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Akademiya tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar tizimli tarzda davom ettiriladi.