Joriy yilning aprel oyida Bosh prokuratura Akademiyasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining kriminalistlari uchun malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Kurs davomida kriminalistik texnika va ekspertiza, kriminalistika faoliyatida ilg‘or kriminalistik va ilmiy-texnik vositalardan foydalanish, qalbaki pullar, shu jumladan chet el valyutalari, qalbaki hujjatlar va qimmatli qog‘ozlarni aniqlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar, valyutaga oid va poraxo‘rlik jinoyatlarini fosh etish bo‘yicha o‘tkaziladigan tezkor-qidiruv tadbirlarini imitatsiya qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Dastur doirasida Departament, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi mas'ul mutaxassislari, vazirlik va idoralar ekspertlari ma‘ruzalar bilan ishtirok etishdi. Shuningdek X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazida sayyor o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlari interaktiv shaklda o‘tkazilib, tinglovchilar o‘z faoliyatlari bilan bog‘liq dolzarb masala va muammolarni muhokama qilish hamda ularning yechimiga oid o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Kurs yakuni bo‘yicha imtihon o‘tkazilib, kursni muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.