Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi 

Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi 

Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi  Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Majlisda Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi.

Tadbirda shuningdek Markaziy saylov komissiyasi a'zolari va xodimlari, ilmiy va oliy ta'lim muassasalarining saylov huquqi bo‘yicha ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Muhokama yakuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Bosh prokuratura Akademiyasi hamda respublikamizning qator ta'lim va ilmiy muassasalari bilan birgalikda ishlab chiqilgan Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqladi.

Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ko‘nikma va malakasini, saylov jarayonlari sohasidagi huquqiy bilimini mustahkamlashga yo‘naltirilgan.

Konsepsiyani ishlab chiqishda YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistonda saylovlarni kuzatish bo‘yicha Missiyasi Yakuniy hisobotida o‘z ifodasini topgan tavsiyalar hisobga olindi.

Konsepsiyani amalga oshirish uch bosqichda ro‘yobga chiqarilib, o‘quv rejalari va o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlash, “Saylov2021” mobil ilovasini ishlab chiqish, saylov qonunchiligi bo‘yicha trenerlar va saylov komissiyalari a'zoligiga nomzodlarning (a'zolarni) malakasini oshirish va tayyorlash, shuningdek saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida ishlash bo‘yicha trenerlar va saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlarni tayyorlashni nazarda tutadi.  

Mashg‘ulotlarda zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol usullarga e'tibor kuchaytirilib, simulyatsiya, saylov jarayonlarini modellashtirish, videodars, videorolik, saylovga oid savol-javoblar, test usullari faol qo‘llaniladi.    

Keng ko‘lamdagi mazkur ishlar saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovga oid bilim hamda ko‘nikmalarining oshishi, shuningdek, saylov tizimi va amaliyotining yanada takomil topishiga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar akademiyasi bilan mazkur Konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yuzasidan kelishuv imzolandi.