Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan mamlakatimiz hududlarida bir qator tadbirlar tashkil etildi. Farg‘ona viloyati Rishton tumani Zohidon qishlog‘idagi 3-sonli umumta'lim maktabida tuman hokimiyati va maktab ma'muriyati tomonidan mazkur maktab bitiruvchisi, Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari, yu.f.d., professor M.Mamasiddiqov bilan hamkorlikda tashkil etilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari, mahalla aholisi va mehmonlardan iborat tadbir ishtirokchilari o‘tmishda yurtimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida kurashgan, yuksak jasorati avlodlar uchun har doim o‘rnak bo‘lib kelgan ajdodlarimizning ruhi poklariga hurmat bajo keltirdilar.
Uzoq yillar mobaynida yosh avlodni tarbiyalab, ularga ilm-fan ziyosini ulashgan o‘z kasbiga sodiq ustozlarga alohida e'tibor va e'tirof bildirilib, ularga esdalik sovg‘alar topshirildi.
Shu bilan birga, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 13-umumta'lim maktabida ham Akademiya markaz prokurori S.Berdialiev ishtirokida tadbir tashkil etildi. Tadbir yakunida maktabga sport inventari, maktab kutubxonasiga 400 ta kitob sovg‘a qilinib, shuningdek maktab hovlisi videokuzatuv kameralari bilan ta'minlandi.
Sobiq bitiruvchilarning Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan o‘zlari tahsil olgan maktabga tashrif buyurishlari yaxshi an'ana bo‘lib, o‘sib kelayotgan avlodda Vatanga muhabbat va ilmga bo‘lgan intilishni mustahkamlashda ijobiy namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur tadbirlar barkamol avlodni rivojlantirish, ularda turli salbiy g‘oyalarga nisbatan mustahkam ma'naviy immunitetni shakllantirishga xizmat qiladi.