Bosh prokuratura Akademiyasi ilmiy-ta'lim salohiyatini yuksaltirish maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish

Bosh prokuratura Akademiyasi ilmiy-ta'lim salohiyatini yuksaltirish maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish

Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan yetakchi xorijiy ilmiy-ta'lim muassasalari va tahliliy markazlar bilan Akademiya salohiyatini yuksaltirish, ta'lim sifatini hamda ilm-fan, ta'lim va amaliyotning uyg‘unligini ta'minlash maqsadida o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, tobora mustahkamlanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tashkil etilganligining 3 yilligiga bag‘ishlangan “Zamonaviy yuridik fan va ta'lim: dolzarb muammolar va ularni hal etish yo‘llari” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya doirasida ham o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar videokonferensaloqa rejimida imzolandi. 
Xususan, zamonaviy sharoitda ta'lim jarayonini tashkil qilishdagi muammolar muhokamasiga bag‘ishlangan yalpi sessiya doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘i va Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi Sankt-Peterburg akademiyasi rektori tomonidan ilmiy va ta'lim sohalarida hamkorlikni amalga oshirish haqida bitim imzolandi.
Shuningdek, Belarus' Respublikasi Tergov qo‘mitasining qayta tayyorlash va malaka oshirish Instituti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Mazkur hujjatlarning imzolanishi prokuror-tergov xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishda hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.