Bosh prokuratura Akademiyasi va O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti o'rtasida joriy yil boshida imzolangan hamda hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilab bergan Memorandum doirasida samarali ikki tomonlama hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Xususan, Akademiya tinglovchilari va xodimlariga yuridik ingliz tilini o'qitishning innovatsion usullarini joriy etish, eng samarali va ilg'or ta'lim texnologiyalarini qo'llash bo'yicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilib kelinmoqda.
Shuningdek, Akademiya tayanch doktoranturasi va mustaqil izlanuvchilikka nomzodlar uchun ingliz tili bo'yicha malaka imtihonlariga Universitet professor-o'qituvchilari vakillari imtihon komissiyasi raisi hamda a'zolari sifatida jalb qilib kelinmoqda.
Hamkorlikning yangi yo'nalishlarini aniqlash va yanada kengaytirish maqsadida tomonlar 2020-2021 yillarga mo'ljallangan tadbirlar rejasini tasdiqladilar.
Mazkur hujjatda universitetning yetakchi mutaxassislarini ilmiy tadqiqot hamda o'quv jarayonlariga jalb qilishni kengaytirish imkoniyatlari, Akademiya professor-o'qituvchilarining universitet talabalari huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishi hamda hamkorlikda yuridik ingliz tilini o'rganish uchun o'quv materiallari va boshqa loyihalarni ishlab chiqilishi ko'zda tutilgan.