Akademiyada onlayn ochiq eshiklar kuni

Akademiyada onlayn ochiq eshiklar kuni

Yuridik oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarini Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasida tahsil olish istiqbollari, magistraturaga qabul qilish tartibi, shuningdek ta'lim jarayonidagi mavjud imkoniyatlar va afzalliklar  bilan tanishtirish maqsadida Akademiya tomonidan ochiq eshiklar kuni muntazam tashkil etib kelinmoqda.  
Navbatdagi mazkur tadbir koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida onlayn rejimda tashkil etildi.
Onlayn uchrashuvlarda Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlari,  magistratura bitiruvchilari va tinglovchilari, shu jumladan, Lund universitetida (Shvesiya) tahsil olayotgan magistrantlar, shuningdek Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti mas'ul xodimlari, bakalavr bosqichi bitiruvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyati, magistraturaga qabul va unda o‘qishning o‘ziga xos afzalliklari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Talabalar Akademiyada magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitish tizimining joriy qilinganligi, nazariya va amaliyotning uyg‘unligi, xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta'lim muassasalari ekspertlarining ta'lim jarayoniga jalb qilinishi hamda talabalarning akademik mobillik dasturlari doirasida xorijiy ta'lim muassasalarida o‘qish imkoniyati mavjudligiga alohida qiziqish bildirdilar.
Uchrashuv davomida talabalardan kelib tushgan savollarga batafsil javoblar berildi.