Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini baholash jarayoni doirasida joriy yilning 17 va 21 iyun' kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida Bosh prokuratura vakillari va ekspert-baholovchilarning uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda prokuratura organlari tomonidan Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) tavsiyalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, missiyasiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida “Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishda aniqlangan kripto-aktivlarni xatlash, ularni saqlash hamda musodara qilish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qo‘shma qaror hamda “Tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatini amalga oshirish jarayonida jinoiy faoliyatning moliyaviy jihatlarini o‘rganish tartibi to‘g‘risida”gi Qo‘shma ko‘rsatma qabul qilinganligi haqida axborot berildi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ekspert-baholovchilarning O‘zbekiston Respublikasi vakillari bilan asosiy uchrashuv joyi etib Bosh prokuratura Akademiyasi belgilangan.