Bosh prokuratura Akademiyasida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining inspektorlari uchun “Elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gaz va suv resurslaridan noqonuniy foydalanish mexanizmlarini aniqlash va bu turdagi huquqbuzarliklarni fosh etish usullari” mavzusida malaka oshirish kursi nihoyasiga yetdi.
Malaka oshirish kursi tinglovchilar 3 hafta davomida ishdan ajralmagan holda masofaviy ta'lim shaklida, 1 hafta davomida esa Akademiyada kunduzgi ta'lim shaklida o‘qishi nazarda tutilgan aralash ta'lim (1+1) shaklida tashkil etildi.
O‘quv kursi dasturidan elektr, issiqlik, gaz va suv tarmoqlariga noqonuniy ulanish sxemalarini aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar va tekshiruvlarni tashkil etish, ularni bartaraf etish usullari, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘rin olgan.
O‘quv mashg‘ulotlari Akademiya professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti hamda tegishli vazirlik va idoralarning tajribali mutaxassislari tomonidan o‘tkazildi.