O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi bo‘lim boshlig‘i M.Palvanov Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan Belarus' Respublikasi Tergov qo‘mitasi tashkil etilganligining 10 yilligi hamda Belarus' Respublikasi Tergov qo‘mitasining Malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etilganligining 1 yilligiga bag‘ishlangan “Tergov faoliyati: ilm-fan, ta'lim, amaliyot” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi.
Tadbirda Belarus' Respublikasi, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Tojikistonning yuzdan ortiq yetakchi olimlari, davlat boshqaruvi organlari vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari qatnashdi.
Konferensiya jinoyatlarning oldini olish va fosh etish borasidagi ilg‘or tajriba va muvaffaqiyatli amaliyot, jinoyat huquqi va prosessi rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari, tergovni kriminalistik ta'minlashning konseptual yo‘nalishlari, sud-ekspert va tezkor-qidiruv faoliyatlarini takomillashtirish istiqbollari, shuningdek tergov organlari xodimlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalarini muhokama qilish uchun qulay imkoniyat bo‘lib xizmat qildi.
M.Palvanov konferensiya ochilish marosimida kirish so‘zi bilan qatnashib, tadbirning asosiy qismida «Prokuror-tergov xodimlarini kasbiy qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari» mavzusida ma'ruza bilan ishtirok etdi.
Shu bilan birga, Tergov qo‘mitasining Malaka oshirish va qayta tayyorlash institutiga tashrif jarayonida institut rahbariyati bilan maslahatlashuv o‘tkazilib, ta'lim muassasasining moddiy-texnik bazasi, o‘quv jarayonining o‘ziga xos jihatlari hamda kriminalistik texnikalarning namunalari bilan tanishildi.
Tomonlar ikki tomonlama imzolangan kelishuv dorasida prokuror-tergov faoliyatining dolzarb masalalariga oid qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar.