O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati” va “Korrupsiyaga qarshi kurashish” yo‘nalishlari bo‘yicha magistrantlarning yakuniy davlat attestasiyasi o‘tkazildi.
Davlat yakuniy attestasiyasi magistratura ta'lim dasturining majburiy qismi hisoblanib, mutaxassislik bo‘yicha yakuniy davlat imtihonini topshirish va masofaviy shaklda magistrlik dissertasiyasini himoya qilishdan iborat.
Yakuniy davlat imtihonlari 2021 yil 21-23 iyul kunlari onlayn rejimda bo‘lib o‘tib, Akademiya va boshqa ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, yetakchi amaliyotchilar, shuningdek kuzatuvchilar sifatida ishtirok etayotgan jamoatchilik vakillaridan iborat Davlat attestasiya komissiyasi tomonidan o‘tkazildi.
Shu bilan birga, 2021 yil 26-28 iyul' kunlari yakuniy davlat imtihonlari o‘tkazilgan shakl va sharoitlarda magistrlik ishlarining himoyalari o‘tkazilishi ta'minlandi.
Yakuniy davlat imtihonlarida masofadan turib qatnashgan tinglovchi va Davlat attestasiya komissiyasi a'zolarining shaxsini aniqlash elektron ta'lim bo‘limi tomonidan amalga oshirildi.
Yakuniy davlat imtihonlarini o‘tkazishdan oldin axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda imtihonoldi konsul'tasiyalar o‘tkazildi.
Akademiya magistrantlari COVID-19 pandemiyasi sharoitida Akademiya axborot-resurs markazining elektron kutubxonasi bilan integratsiyalashgan «ProAcademy» axborot-ta'lim portalining elektron manbalaridan foydalangan holda davlat imtihonlariga tayyorgarlik borasida samarali ishlash imkoniga ega bo‘ldilar.
Akademiya portalining to‘liq ishlashi yakuniy imtihonlarni zamonaviy ta'lim standartlari darajasida va akademik halollik prinsiplariga muvofiq ravishda tashkil etish va o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qildi.
Og‘zaki shaklda o‘tkazilayotgan davlat imtihonlari natijalari imtihon kuni tinglovchilarga e'lon qilinib kelindi.
Jarayonning shaffofligini ta'minlash maqsadida barcha davlat attestasiya imtihonlari videoyozuvga olindi.