Joriy yilning 25 avgust kuni jinoyatchilik holatini uzluksiz monitoring qilish salohiyatini mustahkamlash borasida Yaponiya Adliya vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi qo'shma ishchi guruhining navbatdagi onlayn uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Uchrashuv davomida Yaponiya tomoni jinoyatlarning turlari bo'yicha statistik ma'lumotlarni klassifikatsiya qilish tartibi to'g'risida ma'lumot berdi.
Jumladan, prokuratura organlari tomonidan tergov amalga oshiriladigan jinoyatlar tahlili metodologiyasi muhokama qilindi.
O'z navbatida, Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning maxallabay uslubida tahlilining Akademiya tomonidan oylik chop etiladigan daydjestda aks ettirilishi bo'yicha ma'lumot berildi.
Uchrashuvda ishtirok etgan Birlashgan millatlar tashkilotining Osiyo va Uzoq Sharqdagi jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlar bilan ishlash instituti (UNAFEI) ning direktori o'rinbosari janob Morinaga O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan o'tkazilayotgan tadqiqotlarni yuqori baholadi.
Tomonlar kelgusi yil boshida Toshkent hamda Tokioga tashrif almashinuvi yuzasidan kelishib olishdi.