2021 yil 29 avgust kuni Toshkent botanika bog'i hududidagi yopiq sahna maydonida Boshprokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish yozma imtihoni bo'lib o'tdi.
Magistraturaga tanlov “Yurisprudentsiya” mutaxassisligi bo'yicha oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan shaxslar, shu jumladan prokuratura organlari xodimlari orasida o'tkaziladi.
Akademiya magistraturasining “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati”, “Korruptsiyaga qarshi kurashish” hamda “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisliklari bo'yicha 2021/2022 o'quv yiliga 40 ta qabul kvotasi tasdiqlangan bo'lib, 323 nafar nomzod (shundan 220 nafar tashqi nomzod) hujjat topshirgan. Ayrim mutaxassisliklar bo'yicha bitta o'ringa nomzodlar soni 13 nafarni tashkil etdi.
Yozma imtihon chet tili bo'yicha test savollari va huquqiy mavzudagi essedan iborat.
Imtihonni o'tkazishda yangicha yondashuv joriy etilib, unga ko'ra, mutaxassislik fanlari bo'yicha yozma imtihonning yanada shaffof va xolis bo'lishi, bu borada nomzodlarga teng imkoniyatlarni yaratish maqsadida nomzodlar orasidan tanlanadigan vakil tomonidan bitta bilet tanlab olinishi va barcha nomzodlar ushbu biletdagi 4 ta savoldan bittasiga javob yozishi nazarda tutilgan. Ushbu tartib xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta'lim muassasalarida keng qo'llanib kelinayotganligi ahamiyatlidir.
Esse mavzulari jinoyat huquqi, jinoyat-protsessual huquqi, fuqarolik huquqi va fuqarolik-protsessual huquqi kabi fanlardan tuzilgan bo'lib, nomzod o'z bilim va qobiliyatlarini
to'laqonli namoyon etishi uchun imtihon biletidagi o'ziga eng yaqin bo'lgan mavzuni tanlash imkoniyatiga ega.
Milliy sertifikat yoki xalqaro sertifikatlarning V2 darajasiga ega bo'lgan nomzodlarga chet tilidan imtihonsiz maksimal ball beriladi.
Kirish imtihonini xolis, ochiq va shaffof o'tkazilishini ta'minlash maqsadida:
– chet tili bo'yicha test savollarini tuzish, imtihonni o'tkazish va javoblarini baholash uchun
Davlat test markazi jalb qilindi;
– imtihon jarayoni real vaqt rejimida Bosh prokuratura Akademiyasining Feysbukdagi rasmiy
sahifasi (www.facebook.com/ProsecutorAcademy) hamda test sinovi jarayonlarini onlayn kuzatuvi platformasi (test2021.uz) orqali onlayn tarzda translyatsiya qilindi;
– yozma imtihonga, imtihon javoblarini tekshirishga va suhbat bo'yicha komissiya faoliyatiga boshqa tashkilot va idoralar vakillari kuzatuvchilar va mutaxassislar sifatida jalb qilindi;
– imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generatsiya qilindi;
– har bir nomzodga identifikatsion raqam berildi va imtihon javoblari to'liq shifrlandi.
Yozma imtihon savollari (esse mavzulari) hamda suhbat savollari biletlari prokuratura
Akademiyasining rasmiy veb-saytida oldindan e'lon qilingan (https://proacademy.uz/uz-
cyr/news/view?alias=995).
Imtihon o'tkaziladigan joyga kirishdan oldin nomzodlarning tana harorati o'lchanib, har bir nomzod alohida tibbiy qo'lqop va niqob, suv, kerakli kantselyariya tovarlari bilan
ta'minlandi.
Kirish imtihonining suhbat shaklidagi ikkinchi bosqichining o'tkazilish vaqti qo'shimcha tarzda ma'lum qilinadi.