2022 yil 3 iyun kuni Toshkent shahrida “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish: zamonaviy tahdidlar va ularga qarshi kurashishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining jinoyatchilik, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF–6252-son qaroriga muvofiq tashkil etildi.
Konferensiya Bosh prokuratura Akademiyasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi hamkorligida YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi ko‘magida Yevroosiyo guruhining 36-yalpi majlisi doirasida tashkil etildi.
Konferensiya ishida 120 dan ortiq xalqaro tashkilotlar vakillari, sohaga aloqador O‘zbekiston davlat idoralari mutaxassislari, xorijiy davlatlar mutaxassislari, olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Yevroosiyo guruhining raisi Yu.Chixanchin O‘zbekistonda sohada erishilgan sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni, shu jumladan, qonunchilikni takomillashtirish, samarali xalqaro va idoralararo hamkorlikni o‘rnatish borasidagi natijalarni ta’kidlab o‘tib, bu o‘z navbatida zamonaviy tahdidlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etib o‘tdi.
Anjumanda shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i D.Raximov, Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘i Ye.Kolenko, Rossiya Federatsiyasi Federal moliyaviy monitoring xizmati huzuridagi moliyaviy monitoring xalqaro o‘quv-uslubiy markazi bosh direktori M.Andronova, SARIKS direktori R.Miralizoda hamda boshqa yetakchi ekspertlar hamda amaliyotchilar so‘zga chiqdilar.
Anjumanda sohada xalqaro standartlarni joriy etishning eng dolzarb masalalari, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish tizimini mustahkamlashda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning roli, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasiga Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish xalqaro tarmoq institutini hamda milliy tizimlar uchun kadrlar tayyorlash sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun yozma minntadorchilik topshirildi.
Xalqaro konferensiya ekspertlar va amaliyotchilar uchun kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va ular bo‘yicha tajriba almashish uchun qulay imkoniyat yaratib berdi.