Riga oliy huquq maktabining ta’lim dasturida ishtirok etildi

Riga oliy huquq maktabining ta’lim dasturida ishtirok etildi

Xorijiy o‘quv va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan akademik mobillik dasturlarini kengaytirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi doktoranti B.Kadirova may-iyun  oylarida Riga oliy huquq maktabining Markaziy Osiyo davlatlari uchun mo‘ljallangan Yevropa huquqi, iqtisodiyoti va siyosatini o‘rganish bo‘yicha dasturida ishtirok etdi.

Ushbu dasturning maqsadi davlat xizmati, nodavlat tashkilotlar vakillari, olimlar hamda tadqiqotchilar uchun Yevropa huquqi, iqtisodiyoti va siyosati borasida ilg‘or xalqaro akademik ta’lim berishga qaratilgan.

Dasturda raqamlashtirish va elektron boshqaruv, qonun loyihalarini ishlab chiqish va qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiy rivojlanish va xalqaro savdo, Yevropa Ittifoqining institutsional asoslari, davlat sektori uchun loyihalarni boshqarish va asosiy huquqlar (inson huquqlari) kabi 6 ta o‘quv moduli doirasida mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Har bir modul yakuni bo‘yicha ishtirokchilarning o‘zlashtirgan bilim va malakalari hamda professor-o‘qituvchilarning faoliyati baholandi. 

Ta’lim dasturi doirasida Belgiyaga safar tashkil etilib, Yevropa tashqi aloqalar xizmati, Yevropa parlamenti, Yevropa komissiyasi hamda Yevropa iqtisodiyoti va ijtimoiy qo‘mitalari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Dastur yakuni bo‘yicha tinglovchilarga Riga oliy huquq maktabi magistraturasi talabasi bo‘lish imtiyozini beradigan maxsus sertifikatlar topshirildi.