Turkiya delegatsiyasining tashrifi

Turkiya delegatsiyasining tashrifi

Adliya vaziri o‘rinbosari Xasan Yilmaz boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrifi doirasida 2022 yil 20 sentyabr kuni Bosh prokuratura hamda Akademiyaga tashrif buyurdi.

Ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi va Turkiya Adliya Akademiyasi o‘rtasidagi akademik hamkorlik doirasida prokuratura kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida tajriba almashish maqsadida tashkil etildi.

Delegatsiyaning Bosh prokuratura hamda Akademiya rahbariyati bilan uchrashuvi davomida prokuror-tergov kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish masalalari bo‘yicha tajriba almashinildi.

Delegatsiya vakillari Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyati, zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda ta’lim jarayonining tashkil etilishi, amaliy ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan zamonaviy ta’lim infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi va Turkiya Adliya Akademiyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolanib, kadrlar salohiyatini oshirish borasida ikki tomon hamkorligi darajasini yangi pog‘onaga ko‘tarishga asos solindi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikning keyingi chora-tadbirlari bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Delegatsiyaning Bosh prokuratura Akademiyasiga tashrifi dasturi doirasida “Jinoiy sud ishlarini yuritishda prokuror faoliyatining dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazilishi rejalashtirilgan.