Jinoiy aktivlarni qaytarish bo‘yicha ARIN-AP tarmog‘ining xalqaro o‘quv treningida ishtirok etildi

Jinoiy aktivlarni qaytarish bo‘yicha ARIN-AP tarmog‘ining xalqaro o‘quv treningida ishtirok etildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi vakili G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmog‘i (ARIN-WCA) Kotibiyatining vazifalarini amalga oshirishi doirasida joriy yilning 5-6 oktabr kunlari Koreyaning Seul shahrida o‘tkazilgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmog‘ining (ARIN-AP) 7chi xalqaro o‘quv treningida ishtirok etdi.

Trening ARIN-APning doimiy Kotibiyati – Koreya Bosh prokuraturasi tomonidan tashkillashtirgan. Unda Avstraliya Federal politsiyasi, Kayman orollari qirollik politsiyasi, Interpol vakillari, shuningdek ARIN-AP tarmog‘i a’zo-davlatlari va kuzatuvchilari: Vetnam, Indoneziya, Kambodja, Malayziya, Mongoliya, Nepal, Singapur, Tayvan, Tailand, Filippin, Yangi Zellandiya, Hindiston hamda O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi va aktivlarni qaytarish masalalari bo‘yicha maxsus organlari xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar jinoiy aktivlarni qidirish, aniqlash, hisoblarni muzlatish, ularga ta’qiq qo‘yish, xatlash, musodara qilish va boshqarish usullari, ushbu sohadagi qonunchilik normalari, xalqaro hamkorlik masalalari hamda Avstraliya, Kayman orollari, Koreya Respublikasi tajribasi bilan tanishtirildi. Shuningdek trening davomida ishtirokchilar ekspertlar bilan birgalikda real ishlarni (keys) muhokama qilishib, aktivlarni qaytarish bo‘yicha o‘z milliy tizimi va ijobiy tajribasi to‘g‘risida taqdimotlarini amalga oshirishdi.

O‘z navbatida ARIN-WCA Kotibiyati nomidan Bosh prokuratura Akademiyasi vakili trening qatnashchilariga ARIN-WCA tarmog‘ining faoliyati, uning maqsadi va asosiy vazifalari, tashkiliy tuzilishi, ishtirokchilari, tarmoq doirasida amalga oshirilgan ishlar va o‘tkazilgan o‘quv treninglar, oldinda turgan strategik vazifalar haqida taqdimot qildi.