2022 yil 10 noyabr kuni huquqshunos olim, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining Faxriy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor, jonkuyar va fidoyi ustoz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi professori Po‘latov Baxtiyor Xalilovichning 75 yillik yubileyi munosabati bilan davra suhbati o‘tkazildi.
Prokuratura organlarida uzoq yilik mehnat faoliyati davomida o‘zini yuqori malakali mutaxassis, tajribali va mas’uliyatli xodim sifatida namoyon etgan, ko‘p yillik amaliy, ilmiy va pedagogik tajribaga ega bo‘lgan ustoz B.X.Po‘latovning ilmiy faoliyati va amaliy tajribalarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan mazkur davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Akademiyasi xodimlari, tinglovchilari, ichki ishlar idoralarining xodimlari, Sudyalar oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jamoat xavfsizligi universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir ishtirokchilari ilmiy faoliyati davomida ko‘plab darsliklar, ilmiy-amaliy qo‘llanmalar, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksiga sharhlar tayyorlash bo‘yicha mualliflar jamoasi a’zosi B.X.Po‘latov muallifligida nashr etilgan kitoblar ko‘rgazmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar kun qahramonining prokuratura va umuman huquqni muhofaza qilish organlarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishdagi xizmatlarini alohida ta’kidladilar. Baxtiyor Xalilovich ko‘p yillik ilmiy faoliyati davomida sud-huquq sohasida ko‘plab izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilgan.
Boy ilmiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan, tajribali ustozning bugungi kunda Bosh prokuratura Akademiyasida prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlashning zamonaviy tizimini tashkil etishda, ilmiy xodimlarni tayyorlashda hamda o‘quv jarayonlari va ilmiy muhit rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotganligi alohida e’tirofga loyiq.
Akademiya jamoasi Baxtiyor Xalilovichni yubiley bilan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, ko‘tarinki kayfiyat, oilaviy farovonlik va ish faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi!