Аkademiya faoliyatiga xorijiy ekspert jalb qilindi

Аkademiya faoliyatiga xorijiy ekspert jalb qilindi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʼgʼrisida”gi PF–257-sonli Farmoniga asosan oʼquv jarayoniga xorijiy mamlakatlar yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining malakali mutaxassislarini jalb qilish Huquqni muhofaza qilish akademiya faoliyatining asosiy yoʼnalishlaridan biri hisoblanadi.

Аkademiya va “Mintaqaviy muloqot” XNNTning Oʼzbekistondagi filiali АQSh Davlat departamentining Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish byurosi (INL) koʼmagida “Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʼyicha murabbiylik va oʼqitish” dasturini hamkorlikda amalga oshirmoqda.

Dastur  Аkademiya maydonida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash faoliyati bilan shugʼullanuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uchun maxsus oʼquv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish orqali Oʼzbekistonning jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash faoliyati sohasida institutsional, normativ-huquqiy va inson salohiyatini mustahkamlashga yoʼnaltirilgan.

Dastur normativ-huquqiy baza va idoralararo hamkorlikni ilgʼor xalqaro tajribaga muvofiq takomillashtirish boʼyicha ekspertlarni jalb qilishni nazarda tutadi.

Dastur doirasida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash boʼyicha AQSh Giyohvandlikka qarshi kurash boshqarmasining Moliyaviy tergov boʼlimida ish tajribasiga yega, shuningdek, Saudiya Arabistoni Giyohvand moddalarga qarshi kurash bosh boshqarmasining jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashda salohiyatini oshirish boʼyicha oʼquv dasturida doirasida murabbiy sifatida faoliyat koʼrsatgan ekspert Richard Djozef Djoys (АQSh) Аkademiyaga uzoq muddatli oʼqituvchi-trener sifatida jalb qilindi.

Mazkur dastur Oʼbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyundagi PF–6252-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʼzbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʼin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini rivojlantirish strategiyasida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan.