Oʼzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida amaliyotga yoʼnaltirilgan taʼlim dasturlari asosida bugungi kunda talab va ehtiyoj katta boʼlgan yoʼnalishlar, shu jumladan “Korruptsiyaga qarshi kurashish” hamda “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisliklari boʼyicha magistrlar tayyorlanmoqda.
Nazariya va amaliyotning uygʼunligini taʼminlash, tinglovchilarning bilim va koʼnikmalarini mustahkamlash maqsadida yetakchi ekspertlar va soha mutaxassislari bilan tizimli ravishda uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda.
Аkademiyadagi navbatdagi shunday uchrashuv 2023 yil 2 fevralь kuni Oʼzbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori А.E.Burxanov bilan boʼlib oʼtdi.
Uchrashuv davomida Аgentlik direktori ishtirokchilarga korruptsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori boʼlgan sohalarni aniqlash, davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlarida korruptsiyaga qarshi komplaens-nazoratni joriy qilish, davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish, shuningdek davlat xaridlari sohasida korruptsiyaga qarshi nazorat tizimlarini joriy etish borasidagi Аgentlik faoliyati haqida maʼlumotlar berdi.
Konstruktiv muloqot shaklida davom etgan mazkur uchrashuv jarayonida tinglovchilar va tadqiqotchilar oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Tadbir sohada malakali mutaxassislar tayyorlash hamda korruptsiyaga qarshi taʼlimni kengaytirish borasida Akademiya va Agentlik oʼrtasidagi oʼzaro hamkorlikni kuchaytirish yoʼlidagi navbatdagi qadam boʼldi.