Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2022/2023 oʼquv yilida tashkil etilgan prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursiga qabul qilish tanlovining birinchi bosqichi yakunlandi.
Tanlov uch bosqichdan iborat boʼlib, dastlabki bosqichda 104 nafar nomzod prokuratura organlari faoliyati yoʼnalishlari hamda boshqaruv asoslari boʼyicha uch oyga moʼljallangan masofaviy kursda oʼqitildi.
Masofaviy kursda ishtirok etganlarning oʼrtacha balidan yuqori ball toʼplagan Bosh prokuratura, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, Oʼzbekiston Harbiy va Transport prokuraturalari, shuningdek Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Majburiy ijro byurosining 44 nafar xodimi ikkinchi bosqichga qabul qilindi. Shuningdek, birinchi bosqichni muvaffaqiyatli yakunlagan 66 nafar xodimga 144 soatlik malaka oshirish kursini tamomlaganligi haqida sertifikat berildi.
Ikkinchi bosqichda nomzodlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy boshqaruv, qaror qabul qilish borasidagi bilim va koʼnikmalarini, shuningdek shaxsiy, ishchanlik sifatlarini takomillashtirishga yoʼnaltirilgan bir oyga moʼljallangan 36 soatdan iborat masofaviy kursda oʼqitiladi.
Kurs davomida nomzodlar oʼz tajribalaridan kelib chiqib, prokuratura organlarining tarmoq faoliyatini takomillashtirish boʼyicha tahliliy ishlarni bajarishlari va taqdimot qilishlari nazarda tutilgan.