2023 yil 24 fevral kuni Huquqni muhofaza qilish Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilayotgan “Inson huquqlari” haftaligi doirasida “Sunʼiy intellekt va inson huquqlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Maʼlumki, sunʼiy intelekt texnologiyalari odamlar hayotini va hukumat faoliyatini yaxshilash uchun keng imkoniyatlar ochib beradi. Sunʼiy intellekt tizimlarining kuchi, ko‘lami va tezligi ko‘plab sohalarda, jumladan sog‘liqni saqlash, transport, taʼlim va huquqda samaradorlikni oshirishi mumkin.
Biroq, sunʼiy intellekt texnologiyalari inson huquqlari, demokratiya va qonun ustivorligiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Sunʼiy intellekt bu odamlar tomonidan belgilangan maqsadlarga erishish uchun ishlaydigan va ishlab chiqariladigan murakkab texnologiyalarning keng doirasidir.
Davra suhbatining maqsadi sunʼiy intellektga ega tizimlarni qo‘llashda inson huquqlari sohasidagi huquqiy muammolar va ularning yechimlarini yoritib berishdan iborat.
Davra suhbatida sunʼiy intellektga ega tizimlarning inson huquqlariga taʼsiri, sunʼiy intellektdan foydalanishning oqibatlari, milliy va Yevropa qonunchiligida sunʼiy intellektni tartibga solish va takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish va ushbu soha bo‘yicha halqaro ekspert doktor Aleksey Gudkovdan professional javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.