Sloveniyaga tashrif buyurildi

Sloveniyaga tashrif buyurildi

Xalqaro hamkorlikni kengaytirish, Akademiyaning ilmiy-tadqiqot salohiyatini mustahkamlash, prokuror-tergov xodimlarining kasbiy tayyorgarligini tashkil etish bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bir guruh xodimlarining Sloveniyaga tashrifi bo‘lib o‘tdi.

Tashrif “Mintaqaviy muloqot” XNNT O‘zbekistondagi filiali hamda AQSH Davlat departamentining INL byurosi taklifi va ko‘magiga binoan tashkil etildi.

Delegatsiya a’zolari Sloveniya Politsiya akademiyasiga tashrif buyurib, fakultet dekani A.Mali, Sloveniya politsiyasi direktor yordamchisi M.Yager bilan uchrashdilar hamda o‘quv jarayonini tashkil etish, malaka oshirishning amaldagi tartibi, o‘quv dasturlari va boshqa masalalarni muhokama qildilar.

Shuningdek, Sloveniya Sud-tibbiyot milliy laboratoriyasiga tashrif uyushtirilib, daktiloskopiya, hujjatlar sud-texnik ekspertizasi, giyohvandlik vositalarini aniqlash va boshqa laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Sloveniya Milliy sud-tibbiyot laboratoriyasi direktori yordamchisi R.Prachek bilan uchrashuvda delegatsiya laboratoriya tarixi, tashkiliy tuzilmasi, faoliyati va innovatsion loyihalari, ekspertiza turlari bilan yaqindan tanishib, shuningdek, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.       

Delegatsiya Maribor universitetida bo‘lib, u yerda Jinoiy adliya va xavfsizlik fakulteti dekani A.Sotlar hamda uning o‘rinbosari I.Bernik bilan uchrashdi. Tomonlar bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim sifatini ta’minlash, dissertatsiya tadqiqotlari va ularni himoya qilishni tashkil etish, shuningdek, o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Lyublyana universiteti Kriminologiya institutiga tashrif davomida institut direktori A.Zavrsnik va bir guruh xodimlar bilan uchrashuv bo‘lib, delegatsiya a’zolari institut tomonidan sohada huquqbuzarliklarning oldini olish, kiberjinoyatlarni tergov qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va inson huquqlarini himoya qilishga oid olib borilayotgan tadqiqotlar bilan tanishdilar.

Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdilar.