"Ayollar va kiberjinoyatchilik" xalqaro davra suhbatida ishtirok etildi

"Ayollar va kiberjinoyatchilik" xalqaro davra suhbatida ishtirok etildi

Akademiya vakillari "Ayollar va kiberjinoyatchilik" mavzusidagi mintaqaviy davra suhbatida onlayn formatda ishtirok etdilar.

Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi (BMT GJB)  Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.

Unda BMT GJB Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Ashita Mittal, BMT GJB maslahatchisi Aleksey Feshenko, BMT GJB vakillari Mari-Layn Billodaz, Nargis Azizova, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari U.U.Nigmadjanov, Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi katta prokurori X.M.Gadjiyev shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.

Ma’ruzachilar gender omillarini, jumladan, kibermakondagi ayollar va bolalarga nisbatan zamonaviy tahdidlarni, internetdagi psixologik zo‘ravonlik texnologiyalarini, yashirin Darknet tarmog‘idagi bunday jinoyatlarni aniqlash bo‘yicha so‘rovlarni hisobga olgan holda raqamli transformatsiya masalalariga to‘xtaldi.

Shuningdek, Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi katta prokurori X.M.Gadjiyev "Ayollarga nisbatan kiberjinoyatchilik va zo‘ravonlikka qarshi kurashish: O‘zbekiston tajribasi" mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruza davomida kibermakonda ayollar va qizlarni sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi hujumlardan himoya qilishning asosiy huquqiy, tashkiliy va uslubiy jihatlari ko‘rib chiqildi, hamda Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi Kiberlaboratoriyasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va ushbu turdagi jinoyatlar bo‘yicha raqamli dalillar bilan ishlash bo‘yicha faoliyati ochib berildi.

Davra suhbati yakunida kiberjinoyatchilik hamda ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish sohasidagi salohiyatni oshirishga qaratilgan nazariy va amaliy tavsiyalar ilgari surildi.