Akademiya haqida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF–257-sonli Farmoniga asosan Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasini tashkil etildi.
Quyidagilar Akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
ta’lim oluvchilarda inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilish madaniyati bilan uyg‘unlashgan yuksak ma’naviy, psixologik, tahliliy va kasbiy sifatlarni rivojlantirishning samarali tizimini joriy etgan holda jinoyatlarni tergov qilish sohasida mutaxassislarni chuqurlashtirilgan maqsadli bazaviy tayyorlash;
maxsus kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish va rivojlantirish, sud-huquq sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga qaratilgan dasturlar asosida tergov hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
korrupsiyaga hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohalarida maxsus o‘quv dasturlari asosida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
jinoyatlarni tergov qilish metodikasi va taktikasini samarali belgilash asosida jinoyat ishlari bo‘yicha mustaqil ish yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan interfaol o‘qitish metodlarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish;
o‘qitishning zamonaviy shakllari, pedagogik va axborot texnologiyalari asosida nazariy tayyorgarlikning huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini, shu jumladan, masofaviy ta’lim shaklida ta’minlashga qaratilgan o‘quv jarayonini tashkil etish;
prokuratura organlari xodimlarida bilim va ko‘nikmalarni, shu jumladan, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlashni, qonuniylikni ta’minlash yuzasidan adolat va mas’uliyat kabi yuksak tuyg‘ularni shakllantirish va mustahkamlashga qaratilgan tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning yaxlit tizimini tashkil etish;
yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, huquqni muhofaza qilish faoliyatining eng dolzarb masalalari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni tizimli asosda, shu jumladan, milliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda amalga oshirish;
jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini, shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv hujjatlari va jinoyat ishlarini o‘rganish asosida ularning alohida turlari kesimida tahlil va diagnostika qilish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini uslubiy va konsultativ ta’minlash;
sud-huquq sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilg‘or pedagogik tajriba almashish borasida uzluksiz xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, o‘quv jarayoniga xorijiy mamlak atlar yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining malakali mutaxassislarini jalb qilish.
Hozirgi vaqtda Akademiya faoliyatiga vaqtinchalik asosda loyiha bosharuvi sohasidagi mutaxassisni jalb qilish zarurati mavjud. Mutaxassis tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ma’qullangan taqdirda, u bilan Akademiya o‘rtasida ikki tomonlama fuqarolik huquqiy shartnoma imzolanadi.
Mutaxassisning vazifalari:
Loyiha boshqaruvi sohasidagi mutaxassis quyidagi vazifalarni bajarishi lozim:
Akademiya rahbariyatining topshirig‘i bo‘yicha akademiyada loyihalar bilan ishlash bo‘yicha shartnomaga ilova qilingan bajariladigan ishlar kalendar-rejasiga muvofiq, quyidagi xizmatlarni (keyingi o‘rinlarda – “xizmatlar”) ko‘rsatish;
– Akademiyaning markaz, boshqarma, bo‘lim, kafedra, fakultetlari (keyingi o‘rinlarda – tarkibiy tuzilmalari) ishtirokida mavjud yangi loyihalar uchun tegishli takliflarni ishlab chiqish;
– Akademiyada ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan yangi loyihalar va ular bo‘yicha takliflarni Akademiya tarkibiy tuzilmalari bilan muhokama qilish va ma’qullash uchun Akademiya rahbariyatiga kiritish;
– loyiha pasportini ishlab chiqish (SMART/SWOT tahlil/maqsad) bo‘yicha bir kunlik trening dasturini ishlab chiqish va uni Akademiya xodimlari uchun o‘tkazish;
– Akademiyaning manfaatdor tarkibiy tuzilmalari uchun bazaviy rejalarsiz loyiha pasportlarini yozib berish;
– Akademiya xodimlari uchun loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni bajarishning iyerarxik tuzilmasi (ISR) va kalendar rejalarni tuzish bo‘yicha qisqa muddatli trening o‘tkazish;
– Akademiyaning manfaatdor tarkibiy tuzilmalari uchun ishlarni bajarishning iyerarxik tuzilmasi va kalendar rejalarni ishlab chiqish (konsultatsiyalar o‘tkazish);
– Akademiya tarkibiy tuzilmalari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar taqdimotini o‘tkazish.
Nomzodga qo‘yiladigan talablar:
Loyiha boshqaruvi sohasida tegishli hujjat (sertifikat);
Loyiha boshqaruvi sohasida kamida ikki yillik ish tajribasi;
O‘zbek, ingliz, rus tillarini yaxshi bilish.
Bajariladigan ish muddati:
Mazkur ish muddati 2 (ikki) oyga belgilangan bo‘lib, kelgusida zaruratga ko‘ra, fuqaro mehnat shartnomasi asosida Akademiyaga ishga qabul qilinishi mumkin.
To‘lov miqdori:
Bajarilgan ish uchun to‘lov miqdori taraflar kelishuvi bilan belgilanadi va talabgorga bajarilgan ish natijasiga ko‘ra to‘lanadi.
Talablar: tashabbuskorlik, jamoa bilan hamnafas ishlash, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish,
Ish vaqti: Ish vaqti 40 soatlik, haftasiga 5 kunlik ish rejimini tashkil etadi.
Talabgor Akademiya Kadrlar bo‘limiga fuqarolik pasporti yoki ID kartasi bilan shaxsan murojaat qilib, tegishli hujjatlar (shaxsini tasdiqlovchi hujjat, obyektivka, oliy ta’lim olganlik haqida diplom va uning ilovasi, mehnat daftarchasi nusxasi, STIR ma’lumotnomasini taqdim etishi lozim. Taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqilganidan so‘ng zaruratga ko‘ra talabgor bilan komissiya tarkibida suhbat o‘tkaziladi.
Hujjatlarni topshirish muddati 21.02.2023 yilga qadar.