Prokuratura organlari xodimlari uchun o‘quv kurslarini boshlash bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi

Prokuratura organlari xodimlari uchun o‘quv kurslarini boshlash bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasida prokuratura organlari xodimlari uchun Yevropa Kengashining Markaziy Osiyoda 2020-2023 yillarda qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi “Markaziy Osiyoda yuridik mutaxassislar uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim (HELP)” dasturi doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashish” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish” o‘quv kurslarini boshlash bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Yevropa Kengashi hamkorlik dasturlari boshqarmasidan Markaziy Osiyoda HELP loyihasi koordinatori Kristina Xoxlova,  Norvegiyalik prokuror Rudolf Kristoffersen, HELP dasturining sertifikatlangan mutaxassisi, huquqshunos, xalqaro ekspert Lyusi Xrda, Inson huquqi bo‘yicha Yevropa sudining kotibiyati huquqshunosi Vasiliy Lukashevich ishtirok etdi.

Ikki kun davomida o‘tkazilgan tadbirda “Odam savdosiga qarshi kurashish” va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish” o‘quv kurslarida o‘qish istagida bo‘lgan prokuratura organlarining 60 nafardan ortiq xodimlari hamda Akademiyaning magistratura bosqichi tinglovchilari qatnashdi.

Seminar jarayonida HELP dasturining metodologiyasi taqdimoti o‘tkazilib, xalqaro ekspertlar tomonidan “Odam savdosiga qarshi kurashish” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish” HELP o‘quv kurslarining taqdimoti, asosiy xalqaro standartlar, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining odam savdosi bo‘yicha sud amaliyoti, mazkur toifadagi jinoyatlarni tergov qilishdagi muammolar va ilg‘or tajribalar, o‘quv kursining milliy versiyasi taqdimoti, kurslarning amaliy jihatlari haqida ma’lumotlar berildi.

Xalqaro hamda milliy ekspertlar mavzu doirasida dasturda ro‘yxatdan o‘tgan xodimlarga dasturda ishlash, topshiriqlar va testlarni bajarish, o‘qish muddatlari haqida ko‘rsatmalar berib, tinglovchilarga muvaffaqiyat tilashdi.