O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tuman (shahar) prokurorlarining va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning yordamchilari uchun “Jinoiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash samaradorligini oshirish” mavzusida tashkillashtirilgan malaka oshirish kursi yakunlandi.
Mazkur malaka oshirish kursi aralash ta’lim shaklida tashkil etilgan bo‘lib, masofaviy ta’lim va auditoriya mashg‘ulotlari tarzida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda o‘tkazildi.
O‘quv dasturi Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan prokurorlik amaliyotidagi dolzarb masalalardan kelib chiqqan holda mavzu doirasidagi taqdimot materiallari, amaliy misollar, test va kazuslar hamda multimedia o‘quv materiallari asosida ishlab chiqilgan o‘quv mashg‘ulotlari asosida shakllantirilib, bunda tinglovchilar sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, ish yuritishning huquqiy asoslarini o‘rganish, ularni qo‘llash va prokuror tomonidan tayyorlanadigan protsessual hujjatlarni asoslantirish haqidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga qaratildi.
Malaka oshirish kursi doirasidagi o‘quv mashg‘ulotlarida mamlakatda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari mazmun-mohiyati, qonunchilikka kiritilgan yangiliklar hamda yagona sud amaliyotini shakllantirish masalalariga alohida ahamiyat berildi.
Malaka oshirish kursining Akademiyada o‘tkazilgan yakuniy bosqichida tinglovchilarning masofadan o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalari bevosita auditoriya mashg‘ulotlari jarayonida trening hamda o‘qitishning interfaol uslublaridan foydalangan holda, muammoli-vaziyatli holatlarni tahlil qilish va kazuslar yechimini topish vositasida mustahkamlandi.
Malaka oshirish kursi yakuni bo‘yicha tinglovchilarning kurs dasturini o‘zlashtirish darajasi baholanib, sertifikatlar topshirildi.