Tergov faoliyati masalalariga oid Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etildi

Tergov faoliyati masalalariga oid Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etildi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tinglovchilari Belarus Respublikasi Tergov qo‘mitasi tomonidan “Tergov faoliyati: fan, ta’lim, amaliyot” mavzusida tashkil qilingan III Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etishdi.

Konferensiya jinoyat va jinoyat protsessi huquqining rivojlanish tendensiyalari, dastlabki tergovni kriminalistik ta’minlash, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar jarayonda sud ekspertizasi va tezkor-qidiruv faoliyatni takomillashtirish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil qilindi.

Konferensiyada tergov faoliyatining dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekistondan tashqari Belarus Respublikasi, Ozarbayjon, Rossiya va Tojikistonning huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari, amaliyotchilar hamda tegishli oliy ta’lim muassasalari vakillaridan iborat yetuk olimlar, ilmiy xodimlar va tadqiqotchilar qatnashishdi.

Plenar yig‘ilish va ilmiy seksiyalardagi ma’ruza va muhokamalarda bugungi kunda tergov faoliyatining aktual bo‘lgan masalalari o‘rin olib, ularning chuqur tahlili amalga oshirildi. Shuningdek raqamli sohada amalga oshirilayotgan jinoyatlarning oldini olish va samarali tergov qilish bo‘yicha xalqaro tajriba ko‘rib chiqildi.

Tadbir doirasida shuningdek Akademiya tinglovchilarining Belarus Respublikasi Tergov qo‘mitasining Malaka oshirish va qayta tayyorlash institutiga ishchi amaliy tashrifi amalga oshirildi. Tashrif davomida Akademiya vakillari ushbu institut faoliyati, tarkibiy tuzilishi, vazifalari, unda tergovchilarni o‘qitish, xususan ularni malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayoni, maxsus jihozlangan o‘quv xonalari va adabiyotlar, tergov bilan bog‘liq zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishib, tergov va kriminalistika sohasidagi xalqaro ilmiy tajriba hamda yangi ishlanmalar bilan o‘zaro o‘rtoqlashishdi.