O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF–257-sonli Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bakalavriatning “Prokurorlik faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlarni tayyorlash joriy etildi.
Shunga ko‘ra, Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2023/2024 o‘quv yili uchun “Prokurorlik faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qabul boshlanganligi ma’lum qilinadi.
Akademiya bakalavriati “Prokurorlik faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitish kunduzgi va sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida o‘zbek va rus tillarida, davlat grantlari va to‘lov kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Quyidagi qabul parametrlaridan kelib chiqib, davlat granti asosida 5 nafar, shundan 4 nafari o‘zbek tili va 1 nafari rus tili bo‘yicha;
to‘lov kontrakt asosida 45 nafar, shundan 36 nafari o‘zbek tili va 9 nafari rus tili bo‘yicha;
sirtqi ta’lim (to‘lov kontrakti) asosida 22 nafar, jami 72 nafar nomzod 2023/2024 o‘quv yilida o‘qishga qabul qilinadi.
Nomzodlar joriy yilning 20 iyul kuniga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasida (https://my.uzbmb.uz/) ro‘yxatdan o‘tadilar.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavriatiga kirish imtihonlari bilan bog‘liq yangiliklar bilan Akademiyaning rasmiy veb-sayti (www.proacademy.uz), ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari: www.facebook.com/ProsecutorAcademy www.instagram.com/proacademyuz/ (https://t.me/ProsecutorAcademy) hamda ommaviy axborot vositalari orqali tanishib borishingiz mumkin.