Noqonuniy moliyaviy oqimlar hajmini baholash bo‘yicha mintaqaviy vebinarda ishtirok etildi

Noqonuniy moliyaviy oqimlar hajmini baholash bo‘yicha mintaqaviy vebinarda ishtirok etildi

Akademiya vakillari BMT Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) hamda BMTning boshqa agentliklari tomonidan noqonuniy moliyaviy oqimlar (NMO) hajmini baholash bo‘yicha tashkil etilgan vebinarda ishtirok etdilar.

Tadbir Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida NMO hajmini baholash usullari bo‘yicha o‘tkazilgan sinov loyiha natijalari bilan tanishish, ushbu sohadagi statistik salohiyatni oshirish, 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan NMO hajmini baholash bo‘yicha yangi ishga tushirilgan loyiha doirasida keyingi harakatlarni muhokama qilish maqsadida o‘tkazildi.

Vebinarda xalqaro ekspertlar, ESKATO vakillari va NMO hajmini o‘lchash uchun mas’ul bo‘lgan milliy ekspertlar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida mintaqa mamlakatlari vakillari NMO hajmini o‘lchash bo‘yicha milliy tajriba va Barqaror rivojlanish maqsadlarining 16.4.1-indikatorini milliy darajada amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar. Akademiya rahbari o‘rinbosari U.Nigmadjonov O‘zbekistonda NMO hajmini baholashning ahamiyati va uni kamaytirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berib o‘tdi.