Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi

2023 yil 16 avgust kuni Akademiya magistraturasining “Tergov faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Magistraturaga tanlov vakolatli davlat organlarida kamida 3 yil xizmatni o‘tagan “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega amaldagi xodimlari (harbiy xizmatchilari) orasida o‘tkaziladi.

“Tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha 34 ta o‘ringa nomzodlar soni 157 nafarni tashkil etdi. Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun kvota hududlar kesimida belgilangan.

“Tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturaning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilingan vakolatli davlat organlari xodimlarini o‘qitish bepul asosda amalga oshiriladi.

“Tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga qabul qilish uch bosqichdan, ya’ni test shaklida o‘tkaziladigan maxsus psixologik tanlov, yozma imtihon (esse) va chet tilidan test sinovidan iborat.

Yozma imtihon nomzodlarning mutaxassislik fanlari bo‘yicha tahlil, huquqiy manbalar bilan mustaqil ishlash hamda huquqiy masalalar bo‘yicha xulosalarni bayon etish borasida qobiliyatlarini aniqlashga qaratilgan.

Imtihonni o‘tkazishda yangicha yondashuv joriy etilib, unga ko‘ra, mutaxassislik fanlari bo‘yicha yozma imtihonning yanada shaffof va xolis bo‘lishi, bu borada nomzodlarga teng imkoniyatlarni yaratish maqsadida nomzodlar orasidan tanlanadigan vakil tomonidan bitta bilet tanlab olinishi va barcha nomzodlar ushbu biletdagi 4 ta savoldan istalgan ikkitasiga javob yozishi nazarda tutilgan.

Esse mavzulari jinoyat huquqi va jinoyat-protsessual huquqi fanlardan tuzilgan bo‘lib, nomzod o‘z bilim va qobiliyatlarini to‘laqonli namoyon etishi uchun imtihon biletidagi o‘ziga eng yaqin bo‘lgan mavzuni tanlash imkoniyatiga ega.

Shuningdek, nomzodlarning chet tillarini bilish darajasini aniqlash maqsadida test sinovi o‘tkazildi.

Kirish imtihonini xolis, ochiq va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida:

– chet tili bo‘yicha test savollarini tuzish, imtihonni o‘tkazish va javoblarini baholash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy, fan va iinovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi jalb qilindi;

– imtihon jarayoni real vaqt rejimida Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Feysbukdagi rasmiy sahifasi (www.facebook.com/ProsecutorAcademy) orqali onlayn tarzda translyatsiya qilindi;

– har bir nomzodga identifikatsion raqam berildi va imtihon javoblari to‘liq shifrlandi.

Yozma imtihon savollari (esse mavzulari) Akademiyaning rasmiy veb-saytida imtihon o‘tkazilishidan bir oy oldindan e’lon qilingan.