“Raqamli kriminalistika: muammolar va istiqbollar” mavzusidagi milliy seminar-trening yakunlandi

“Raqamli kriminalistika: muammolar va istiqbollar” mavzusidagi milliy seminar-trening yakunlandi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda “Raqamli kriminalistika: muammolar va istiqbollar” mavzusida milliy seminar-trening o‘tkazildi.

Seminar-trening 22-27 oktyabr kunlari Moldova, Portugaliya, Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasidan sohaning yetakchi xorijiy ekspertlari ishtirokida o‘tkazildi.

Tadbir doirasida Moldova Respublikasining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish markazi eksperti A.Degtyarev internet tarmog‘i orqali bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish sohasidagi jinoyatlarni tergov qilishda raqamli dalillarni aniqlash va to‘plash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib bordi.

Portugaliyalik ekspert – Interpolning jinoiy razvedka bo‘yicha mutaxassisi Rui Lopes Viyeyra internet orqali bolalarning jinsiy ekspluatatsiya qilish sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik qoidalari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdi.  

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Ekspert-kriminalistika bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, adliya general-mayori I.A.Strelsov va birinchi (elektron ommaviy axborot vositalarini tekshirish) bo‘lim  boshlig‘i, polkovnik T.Yu.Salixov Rossiya Federatsiyasining Tergov qo‘mitasi faoliyatida raqamli kriminalistika imkoniyatlari borasida, shuningdek jinoiy maqsadlarda foydalaniladigan kriptovalyuta operatsiyalari bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish tartibi to‘g‘risida o‘quv mashg‘ulotlari olib borishdi.

Seminarning oxirgi ikki kunida Koreya Respublikasi Oliy prokuraturasi huzuridagi Raqamli kriminalistika milliy markazi ekspertlari Park Yonjai va Yi Changvan Koreyaning yetakchi kompaniyalarining HANCOM GMD va Final Mobile dasturlari yordamida mobil qurilmalardan ma’lumotlarni chiqarib olish va tahlil qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi.

Tadbir so‘ngida seminar-treningda ishtirok etgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori v.v.b. S.Sizov tomonidan sertifikatlar topshirildi.