III Toshkent aksilkorrupsiya forumida ishtirok etildi

III Toshkent aksilkorrupsiya forumida ishtirok etildi

Joriy yilning 3 noyabr kuni Akademiya rahbariyati va xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan III Toshkent aksilkorrupsiya forumi ishida ishtirok etishdi.

Forumning ochilish marosimi va yalpi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi va Milliy kengash raisi T.Narbayeva, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov, BMT GJBning Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy Vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal, GIZ O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoaxim Frits, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Djonatan Xenik, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adrian va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili v.v.b. Anas Karman chiqish qilishdi.

Yalpi sessiya davomida BMT GJB hamkorligida Markaziy Osiyoda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini amalga oshirishni tezlashtirishga qaratilgan Mintaqaviy platformani ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qozog‘iston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Qirg‘iz Respublikasi Bosh prokuraturasi, Tojikiston Respublikasi Davlat nazorati moliyaviy va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati Mintaqaviy platformaning ahamiyatini e’tirof etishib, virtual tugmalarni bosish orqali uning ochilishi e’lon qilishdi.

Yalpi sessiyaning keyingi bosqichida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishga hissa qo‘shgan OAV vakillari, davlat idoralari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash a’zolarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Yalpi majlisdan so‘ng Forum ishtirokchilari korrupsiyaning oldini olishda axborotdan foydalanish, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda korrupsiyaga qarshi ta’lim va tarbiya kabi uchta sessiyalarda ishtirok etishni davom ettirishdi.

Forumning “Korrupsiyaga qarshi ta’lim va tarbiya – korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari sifatida” nomli sessiyasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko “Korrupsiyaning oldini olishda ilm-fan va ta’limning o‘rni” mavzusida ma’ruza qilib, Akademiyaning o‘tgan davrda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan faoliyati doirasidagi ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Bundan tashqari, ushbu sessiya ishida Malayziyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi Bosh komissari o‘rinbosari, Qatar Davlati Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurashish markazi direktori, Yevropa Kengashining Iqtisodiy jinoyatchilik va hamkorlik bo‘limi rahbari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Huquqni muhofaza qilish bo‘yicha loyiha rahbari hamda Gonkong Korrupsiyaga qarshi mustaqil komissiyaning Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi xodimi tegishli ma’ruzalar bilan chiqish qilishib, ijobiy tajribalar bilan o‘rtoqlashishdi.

Forum milliy va xorijiy hamda xalqaro ishtirokchilarga mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, istiqboldagi vazifalarni yetkazishga hamda faoliyatni xalqaro standartlar va ilg‘or tajriba asosida yanada takomillashtirish masalalari bo‘yicha qizg‘in muloqot o‘tkazishga imkon berdi.