O‘zbekiston va Qatar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish borasida tajriba almashinish

O‘zbekiston va Qatar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish borasida tajriba almashinish

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyati Bosh prokuror boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Qatar davlatiga tashrifni amalga oshirmoqda.
Tashrif doirasida  2024 yil 23 yanvar kuni Qatar Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy va sud tadqiqotlari markazida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Qatarning Huquqiy va sud tadqiqotlari markazi direktori doktor Salex Ali Al-Fadala (Dr. Saleh Ali Al-Fadala) O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarini Markaz tomonidan yuridik kadarlarni, shuningdek sud tizimi va prokuratura organlari xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish faoliyati bilan tanishtirdi.

Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko qatarlik hamkasblarga huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish jarayonlari, bunda ta’lim, ilm-fan va amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash masalalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuv yakunida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan Huquqiy va sud tadqiqotlari markazi o‘rtasida soha xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish hamda yurisprudensiya va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb masalalariga oid qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha yaqindan hamkorlik o‘rnatish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.