Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Qadriyatlar uyg‘unligi va mutanosibligi zamonaviy ayol timsolida” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos olijanob xususiyatlardan biri ekanligi, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik ishlar amalga oshirilayotganligini keng targ‘ib qilishdan iborat. Zero, jamiyatda siyosiy, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va taraqqiyoti ayollarga, yoshlarga, oilaga bo‘lgan munosabat va e’tibor bilan bog‘liqligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, Respublika “Oqila ayollar” harakati yetakchisi, pedagogika fanlari doktori, professor O.Musurmonova tomonidan ayol va uning o‘rni va mavqeiga oid ma’ruza taqdim etildi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Milliy universitetining Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi, ilmiy kengash raisi, dots.nt R.Rustamova, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, falsafa doktori (PhD), O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sh.Axrorova o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Anjumanda xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida faolligini oshirish, yuksak ma’naviy fazilatlarini mujassamlashtirish, milliy tafakkurni shakllantirish hamda yoshlarni madaniy, tarixiy an’analarimizga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, qizlarni oilaviy turmushga tayyorlash, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish bugungi kunning dolzarb masalalariga aylanganligi qayd etildi.
Konferensiya yakunida jamiyatda xotin-qizlarning har tomonlama faolligini oshirishga doir tavsiyalar ishlab chiqildi.