Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Vatanning sodiq yoshlari” o‘quv yig‘inlari o‘tkazilmoqda

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Vatanning sodiq yoshlari” o‘quv yig‘inlari o‘tkazilmoqda

 

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan yoshlar uchun maxsus ishlangan dastur asosida “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusida o‘quv yig‘ini tashkil etildi.

Mazkur o‘quv yig‘ini doirasida poytaxtning barcha tumanlaridan besh ming nafar yoshlarning qamrab olinishi rejalashtirilgan.

O‘quv yig‘ini dasturi yoshlarni psixologik ta’minlash, chet tillarni o‘rgatish, kasbga yo‘naltirish, bandlikka ko‘maklashish, huquqiy bilimlar berish, vatanparvarlik, Vatan taqdiriga daxldorlik, o‘z yurtiga va xalqiga muhabbat tuyg‘ularini singdirish kabi muhim maqsadlarga yo‘naltirilgan.

O‘quv yig‘inlarining ilk mashg‘ulotlari joriy yilning 4 mart kunidan boshlab Toshkent shahrining Bektemir tumani yoshlari uchun tashkil etildi. Yig‘in davomida yoshlarni psixologik treninglar, chet tillari va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga jalb qilindi. Mashg‘ulotlar Akademiyaning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan interaktiv metodlarni qo‘llagan holda o‘tkazildi.

O‘quv yig‘ini yakunida ishtirokchilarga yurtimizda yoshlar uchun kasb egallash, bilim olish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, xorijiy tillarni o‘rganish va boshqa yo‘nalishlarda davlatimiz tomonidan beriladigan imtiyozlar va imkoniyatlar haqida ma’lumotlarni qamrab olgan, Akademiya tomonidan maxsus ishlab chiqilgan qo‘llanma taqdim etildi.

O‘quv yig‘inlari barcha tuman yoshlari bilan davom ettiriladi.