Voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlarni tergov qilish masalalariga oid seminar-trening o‘tkazildi

Voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlarni tergov qilish masalalariga oid seminar-trening o‘tkazildi

 

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi (UNICEF) vakolatxonasi bilan hamkorlikda ichki ishlar organlari tergovchilari va Akademiya o‘qituvchilari uchun «Voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlar ishtirokidagi jinoyat ishlarini tergov qilish” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbir o‘tkazilishidan maqsad zamonaviy xalqaro yondashuvlar asosida voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlar ishtirokidagi jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha mutaxassislarning bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.

O‘quv seminarida voyaga yetmaganlarning, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan shaxslarning jinsiy daxlsizligi va erkinligiga qarshi jinoiy ishlarni tergov qilish, voyaga yetmaganlar bilan tergov va surishtiruv ishlari, voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarning huquqlari, bolalarning yosh psixologiyasining o‘ziga xos xususiyatlari, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlarni tergov qilishda ochiq ma’lumotlar (manbalar), ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va boshqa muhim mavzular muhokama qilindi.

Ushbu seminar-trening Huquqni muhofaza qilish akademiyasida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy huquqbuzarliklarni tergov qilish sohasida alohida o‘quv kursini joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.