Xitoy Milliy prokuratura instituti delegatsiyasining tashrifi

Xitoy Milliy prokuratura instituti delegatsiyasining tashrifi

Xitoy Milliy prokuratura instituti delegatsiyasining tashrifi

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Milliy prokuratura instituti prezidenti Sun Sin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif maqsadi – o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish va mustahkamlash, prokuratura organlari va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish hisoblanadi.

Tashrif davomida Xitoy delegatsiyasi vakillari bilan Bosh prokuratura va Akademiya rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda o‘zaro hamkorlik ahvoli muhokama qilinib, taraflar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha navbatdagi qadamlarni belgilab oldilar.

Xususan, 2023 yilda O‘zbekiston va Xitoy prokuraturalari o‘rtasida 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi, 2017 yilda ikkala davlat prokuratura idoralari kadrlarni tayyorlash muassasalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolanganligi mamnuniyat bilan qayd etib o‘tildi. Uchrashuvda mazkur tashrif O‘zbekiston va Xitoy prokuratura organlari o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishiga hamda qo‘shma tadbirlar orqali uning amaliy faollashuviga turtki bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Ikki tomonlama muloqotda prokuror kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida Xitoyning boy tajribasini o‘rganish va o‘zaro tajriba almashish, idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Tashrif doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Xitoy Milliy prokuratura instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat Akademiya bilan Xitoy Milliy prokuratura instituti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash hamda yangi pog‘onaga olib chiqishga qaratilganligi qayd etib o‘tildi.

Ma’lumot uchun: Xitoy Milliy prokuratura instituti 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, prokuror kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yagona ta’lim muassasasi hisoblanadi. Institutning mamlakat bo‘ylab 30 ta filiali, 72 ta amaliy o‘qitish bazasi mavjud. Institut tomonidan 3 ta nashr (gazeta, jurnal va to‘plam) chop etib kelinadi. Institut dunyoning 30 ta mamlakatidagi o‘quv va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik o‘rnatilgan. 200 dan ortiq xorijiy va milliy ekspertlar ta’lim faoliyatiga jalb etilgan. Institutda prokuratura faolit yo‘nalishlari bo‘yicha 5 ta kafedra faoliyat yuritib, har yili 10 mingdan ortiq tinglovchilar malaka oshirib keladi.

Mehmonlar Akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuv hamda innovatsion texnologiyalar asosida prokuratura-tergov sohasi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot va tahliliy faoliyat, shuningdek, Akademiyada yaratib kelinayotgan zamonaviy infrastruktura, shu jumladan, sud-tibbiy ekspertiza laboratoriyasi, kriminalistik poligonlar, kiberlaboratoriya va boshqa maxsus o‘quv xonalari imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, Xitoylik professorlar Akademiya tinglovchilari uchun atrof-muhitni muhofaza qilishda jamoat manfaatlari uchun prokurorlar tomonidan da’vo kiritish, ekologik jinoyatlarni fosh etish hamda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Xitoy prokuraturasining tajribasi va roli masalalari bo‘yicha ma’ruza qildilar. Ishtirokchilar atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Xitoy prokuraturasining roli va tajribasini yuqori baholash barobarida mazkur sohada so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda milliy tajriba bo‘yicha ham fikr almashindilar.

Tashrif doirasida delegatsiya vakillari Toshkent shahri, Olmazor tumani va Samarqand viloyati prokuraturalari faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqdilar.

Shuningdek mehmonlar O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyi, Toshkent va Samarqand shaharlarining diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechirishdi.