O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish  akademiyasida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish  akademiyasida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish tartibi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi PF–257-son Farmoni 9-bandi va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 sentyabrdagi 606-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomida oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari xususiyatidan kelib chiqib, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni ta’lim muassasalarida mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllarida tashkil etish nazarda tutilgan.

Mazkur nizomning 5-bandiga ko‘ra, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul parametrlari oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Muvofiqlashtirish-vasiylik kengashining 2024 yil 25iyundagi 2-sonli yig‘ilishi bayoni bilan ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish tartibi  belgilandi.

Unga ko‘ra, Akademiyada 2024/2025 o‘quv yilidan e’tiboran ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limning bakalavriat "60420100 - Yurisprudensiya (prokurorlik faoliyati)" yo‘nalishini sirtqi ta’lim shaklida joriy etildi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olish istagini bildirgan abituriyentlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining maxsus elektron tizimi (ikkinchitalim.edu.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tishi lozim.

Kirish imtihonlari test sinovlari shaklida “Huquqshunoslik fani” bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi.

Shuningdek, test sinovlarida ishtirok etish uchun barcha talabgorlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Shu bilan birga, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bakalavriatning “60420100 – Yurisprudensiya (prokurorlik faoliyati)” yo‘nalishini sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.