Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Mintaqaviy muloqot” XNNT bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining moliyaviy va nomoliyaviy tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha trening tashkil etdi.
Uch kunlik tadbir AQSH Davlat departamentining Terrorizmga qarshi kurash byurosi tomonidan moliyalashtirilayotgan jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha murabbiylik va trening loyihasi doirasida tashkil etildi.
AQSHlik xalqaro ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari, nobank tashkilotlari, birja a’zolari, qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari, lizing xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar, pochta aloqasi operatorlari, sug‘urta bozori ishtirokchilari, riyeltorlik tashkilotlari, notariuslar, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar ishtirok etdilar.
Seminarda asosiy e’tibor mijozlarni lozim darajada tekshirish, yuqori xavfli mijozlarga nisbatan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, shubhali tranzaksiya hisobotini aniqlash va shakllantirish, maqsadli moliyaviy sanksiyalarni qo‘llashga qaratilgan.
Tadbir davomida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish va terrorizmni moliyalashtirish tendensiyalari va usullari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar o‘z amaliyotlari asosida tajriba almashish, muammolarni muhokama qilish va ularni birgalikda hal qilish yo‘llarini ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ldilar. Tadbir moliyaviy jinoyatlarning oldini olishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va xususiy sektor vakillarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.