Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari Shvetsiyaning Lund universitetida “Markaziy Osiyo huquqi: Markaziy Osiyoda huquqiy madaniyatlar va biznes muhiti” loyihasi doirasida stajirovka o‘tab qaytishdi.
Stajirovka davomida xodimlar Lund universitetining o‘qitish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish tizimi bilan yaqindan tanishib, bu borada universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy uchrashuvlar tashkil etishdi hamda kerakli tajribalarga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, Lund universitetining Huquq sotsiologiyasi departamenti tomonidan tashkil etilgan "O‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi muloqotni takomillashtirishda raqamli texnologiyalarni joriy etish” o‘quv seminarida ishtirok etishib, o‘zlarining tadqiqot mavzulari doirasida taqdimotlar qilishdi.
Stajirovka davomida Akademiya katta o‘qituvchilari D.Ibragimov va O.Nematillayev tomonidan bola tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarni sudlarda ko‘rishning ayrim jihatlari, shuningdek amaldagi qonunchilikni korrupsiyaga qarshi ekspertiza qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish masalalari o‘rganildi.
Stajirovka yakunida xodimlar tomonidan ilmiy maqolalar tayyorlandi va yuqori reytingga ega bo‘lgan xorijiy jurnallarga yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Shvetsiyaning Lund universiteti o‘rtasidagi hamkorlik davom etmoqda.