Prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash bo‘yicha AQSH tajribasi o‘rganildi

Prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash bo‘yicha AQSH tajribasi o‘rganildi


Prokuratura va tergov organlari xodimlarini zamonaviy talablar asosida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish va amaliyotga tatbiq qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillarining AQSHga tanishuv tashrifi amalga oshirildi.

Mazkur tashrif AQSH Xalqaro liderlik tashriflari dasturining (IVLP) “Jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish yo‘nalishida samarali ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha Huquqni muhofaza qilish akademiyasining salohiyatini oshirish loyihasi” doirasida tashkil qilindi.

Tashrif davomida Akademiya vakillari AQSH huquqni muhofaza qiluvchi organlari faoliyati, shuningdek huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari va muassasalari, markazlari, tegishli idoralarining tajribasi, ta’lim jarayoni hamda o‘quv dasturlari, yaratilgan sharoitlari va infrastrukturasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Xususan xizmat safari doirasida Vashington, Sent-Luis, Pensakola, Boston va Nyu-Yorkda joylashgan sud, prokuratura, politsiya, advokatura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar departamenti, sud kriminalistikasi va ekspertiza markazlari, hokimiyat idoralari, prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirish milliy assotsiatsiyasi, Federal tergov byurosi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, AQSH Adliya departamentining prokuror kadrlarni tayyorlash, o‘qitish va ularga ko‘mak berish xalqaro dasturi bo‘limi faoliyati yaqindan o‘rganilib, jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yangi chaqiriqlarni inobatga olgan holda xodimlarning bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan o‘zaro tajriba almashinildi.

Shuningdek, Akademiya vakillari uchun nufuzli Vashington universiteti, Boston huquq maktabi, Boston politsiya akademiyasi, Shimoli-sharqiy universitet, Vebster universiteti, Nyu-York shahar universitetining jinoiy odil sudlov bo‘yicha Jon Jey kollejida uchrashuvlar tashkil qilinib, ta’lim yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik qilish kelishuvlariga erishildi.