O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tahsil olayotgan talaba yoshlarning mafkuraviy immunitetini oshirish, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari M.Mamasiddiqov mazkur tadbirni ochib berish uchun so‘zga chiqib, globallashuv sharoitida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati hamda diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm kabi tahdidlarga qarshi ma’rifat yo‘li bilan kurashish zarurati haqida fikr bildirib, tadbir faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ul mutaxassislari va O‘zbeksiton xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Xususan mazkur tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Axborot-tahlil va targ‘ibot ishlarini tashkil etish boshqarmasi bosh mutaxassisi Dj. Melikuziyev “Dunyoviylik-dahriylik emas” tamoyilining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati” mavzusida ma’ruza qilib, unda dunyoviy davlatchilik tarixi, dunyoviylik va diniylik mutanosibligini ta’minlashda qonun ustuvorligi masalalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Mazkur tadbirda O‘zbeksiton xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosi o‘rganish kafedrasi UNESCO” kafedrasi dotsenti G. Xudayberganova “O‘zbekistonda reabilitatsiya va ijtimoiylashuv institutlarini shakllanishi” mavzusida so‘zga chiqib reabilitatsiyaning mazmuni, uning turlari, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va psixologik reabilitatsiya jarayonlarining amaliy ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etdi.
Shuningdek, mazkur kafedraning katta o‘qituvchisi L.Alidjanova “Davlat va diniy munosabatlarning huquqiy asoslari” mavzusidagi ma’ruzasida, dunyo mamlakatlarida davlat va din munosabatlarini tartibga solish tiplari, diniy tashkilotlarni tartibga solish masalalaridagi o‘ziga xos jihatlari, O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlanishiga oid masalalar yoritildi.
O‘tkazilgan tadbirda dunyoviy davlat tushunchasining mazmun-mohiyati, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik tamoyillarining ahamiyati, globallashuv sharoitida rivojlanib borayotgan g‘oyaviy tahdidlar, diniy mutaassiblik, ekstremizm va terrorizmning jamiyat hayotiga salbiy ta’siri, yoshlarni sog‘lom dunyoqarash egasi sifatida shakllanishda zamonaviy bilimlarning ahamiyati mavzulari atroflicha muhokama qilinib, mavzular yuzasidan talabalarga qiziqarli va foydali ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, talabalar e’tiboriga tadbir mavzusiga oid “Tinchlik qadri” nomli videorolik havola etildi.
Tadbir so‘nggida talabalar mutaxassislardan qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi. Tadbir yakunida tadbir ma’ruzachilariga akademiya rahbariyatining tashakkurnomalari taqdim etildi va kelgusida ham hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga kelishib olindi.
Mazkur tadbir talabalarning mafkuraviy immunitetini oshirish, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish bilan bir qatorda vatanparvarlik, umuminsoniy va milliy qadriyatlarimizga yuksak ehtirom tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.