Tergov sudyalari instituti – shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi kafolati

Tergov sudyalari instituti – shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi kafolati


Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga asosan joriy yilning yanvar oyidan boshlab tergov sudyasi instituti o‘z faoliyatini boshladi. Sud tizimida yangi tuzilmaning ish boshlashi birinchi navbatda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va odil sudlovni amalga oshirishda yangi qadam bo‘ldi.

Endilikda, tergov sudyalariga sudga qadar ish yuritish bosqichida protsessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda shaxsning huquq va erkinliklariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshirish bilan bir qatorda, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ham ko‘rib chiqish vakolati berildi.

Mazkur institut faoliyatini samarali tashkil etish masalalarini joriy etish, uning mazmun mohiyatini atroflicha ko‘rib chiqish maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Tergov sudyalari instituti – shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi kafolati” mavzusida respublika seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Unda sud-huquq tizimi vakillari, advokatlar, yuridik oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va jamoatchilik vakillari, shuningdek yaqinda faoliyatini boshlagan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining tergov sudyalari onlayn tarzda ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirda tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilgan ishlar tahlil qilinib, ushbu institutning afzalliklari, sudga qadar ish yuritish bosqichida surishtiruv va tergov organlari ustidan sud nazoratini oshirish, milliy qonunchilikni takomillashtirish hamda sud amaliyoti bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama qilindi va o‘zaro fikrlar almashildi.

Ishtirokchilar bu kabi tadbirlarni tashkil qilish nafaqat sudyalar yoki huquq sohasini mutaxassislari uchun, balki jamiyatimiz a’zolari uchun muhimligini ta’kidlab, sud tizimining shaffofligi, xolisligi va samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquqiy ongini kuchaytirishga xizmat qilishini bildirib o‘tishdi.