Prokuratura organlari xodimlari uchun YUNESKO mintaqaviy treninglari o‘tkazildi

Prokuratura organlari xodimlari uchun YUNESKO mintaqaviy treninglari o‘tkazildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasi YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyati prokuratura organlari xodimlari uchun “So‘z va ifoda erkinligi hamda jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash” mavzusida treninglar tashkil qildi.

Treningda mazkur viloyatlar prokurorlarining jamoatchilik bilan ishlash va huquqiy axborot bo‘yicha yordamchilari, tergovchilar, shuningdek, IIV, prokuratura organlarida, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limlari prokurorlari ishtirok etdilar.

YUNESKO vakolatxonasi tomonidan loyiha doirasida jalb etilgan xalqaro ekspert – Kanadaning Kvebek provinsiyasi sobiq bosh prokurori Sabin Oulle, tadbir ishtirokchilariga so‘z va ifoda erkinligini himoya qilishning xalqaro me’yorlari va tamoyillari mazmun-mohiyati, shuningdek, prokuratura organlari xodimlarining jinoyat ishlari tergovi va sud protsesslari jarayonida ommaviy axborot vositalari vakillari huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishdagi roli haqida batafsil tushuntirish berdi.

Trening yakunida ishtirokchilarga xalqaro andozadagi sertifikatlar topshirildi.