Huquqni muhofaza qilish akademiyasida barcha faoliyat sohalarini, shu jumladan ta’lim jarayoni: dars jadvallarini shakllantirish, imtihonlar o‘tkazish, ta’lim oluvchilarni baholash va ularning reytingini shakllantirishni raqamlashtirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Ushbu faoliyat doirasida Akademiyada talabalar va tinglovchilarning reytingini kompleks baholashga oid unikal innovatsion elektron platforma joriy etildi. Mamlakatimizda analoglari mavjud bo‘lmagan ushbu platforma ta’lim jarayoni, yoshlar bilim va ko‘nikmalarini yaxshilash, ularning motivatsiyasini kuchaytirish va Akademiya oldiga qo‘yilgan vazifalarning to‘laqonli ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Elektron platforma talabalar va tinglovchilarni 11 ta mezon asosida baholaydi va nafaqat o‘quv fanlarini o‘zlashtirish darajasi, balki ilmiy tadqiqot faoliyati, chet tillarini bilish darajasi, sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, shuningdek, to‘garaklar, medialoyihalar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish, rag‘batlantirish va intizomiy jazolar ko‘rsatkichlari, huquqni muhofaza qilish organlarida stajirovka o‘tish kabi mezonlarni qamrab oladi.
Yangi platformaning asosiy xususiyati ta’lim faoliyati hamda tergov, surishtiruv va prokuratura organlarining kadr ehtiyojlariga ko‘ra mezonlarni o‘zgartirish imkoniyatidir.
Bundan tashqari, platforma talabalar va tinglovchilarning Akademiyaga qabul qilinishidan boshlab, keyinchalik butun xizmat faoliyatini qamrab oladigan “Portfolio”sini shakllantiradi.
Reyting natijalari shaffof bo‘lib, ularni talabalar va tinglovchilar, shuningdek, xohishiga ko‘ra ularning ota-onalari doimiy ravishda ko‘rib borishlari mumkin. Yuqori natijalarni ko‘rsatgan ta’lim oluvchilarni moddiy va nomoddiy rag‘batlantirish nazarda tutiladi.
Ushbu platformaning joriy qilinishi huquqni muhofaza qilish organlarining bo‘lajak kadrlarining professional kompetensiyalarini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi va mamlakatimizning huquqni muhofaza qilish tizimi uchun munosib mutaxassislar tayyorlashga hissa qo‘shadi.