Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko rahbarligida jinoyatchilikni jilovlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va energiya samaradorligini oshirishga oid qarorlar ijrosi yuzasidan o‘quv amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh tomonidan hududlarga chiqilgan holda turkum o‘quv va amaliy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning 16-aprel kuni mazkur ishchi guruh tomonidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi organlarida “Energiya resurslaridan foydalanish va sarflanishiga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Ushbu seminar mashg‘ulotida viloyat prokurorining sohaviy o‘rinbosari, mahkama xodimlari, tuman (shahar) prokurorlari va ularning sohaga mas’ul bo‘lgan yordamchilari ishtirok etishdi.
O‘quv mashg‘ulotida energiya resurslaridan foydalanish va sarflanishiga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini ta’minlash bo‘yicha normativ hujjatlar va Bosh prokurorning sohaviy buyruqlari, farmoyishlari va ko‘rsatmalarida belgilangan vazifalar, nazorat tadbirlarida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar atroflicha yoritib berildi.
Shuningdek, o‘quv seminari ishtirokchilariga energiya balansini ishlab chiqish, ularning ko‘rsatkichlarini bajarish, energiyani tejash dasturlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar chek-listini amaliyotda qo‘llash yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha o‘quv amaliy tadbirlari davom ettirilmoqda.