Kriminogen vaziyatni tahlil qilish masalalari yuzasidan malaka oshirish kursi o‘tkazildi

Kriminogen vaziyatni tahlil qilish masalalari yuzasidan malaka oshirish kursi o‘tkazildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar prokuraturalarining kriminogen vaziyatni tahlil qilish bo‘lim boshliqlari uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tuzilgan mazkur tarmoq boshliqlari uchun tashkil etilgan kursga Akademiyaning professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Bosh prokuraturaning Kriminogen vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi xodimlari, IIV kriminogen vaziyatni aks etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot tizimlarini yuritishga mas’ul bo‘lgan xizmatlar mutaxassislari, shuningdek, Kriminologiya-tadqiqot instituti mutaxassislari jalb qilindi.

Tinglovchilarga huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyatni kundalik tahlil qilish faoliyatini takomillashtirish, prokuratura organlarida axborot tahlil faoliyatini tashkil etish borasida mashg‘ulotlar o‘tkazilib, “Ye-Ijtimoiy profilaktika”, “Ye-Material”, “Ye-Ma’muriy ish”, “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” elektron axborot tizimlarining imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Auditoriya mashg‘ulotlari barobarida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilgani bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash imkonini berdi.

O‘quv kursi yakuniga ko‘ra tinglovchilarga belgilangan tartibda maxsus sertifikatlar taqdim etildi.