Prokuratura organlarining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot tarmoqlari xodimlari malakasini oshirish kursi yakunlandi

Prokuratura organlarining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot tarmoqlari xodimlari malakasini oshirish kursi yakunlandi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlarining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot tarmoqlari xodimlari uchun “Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik, jamoatchilik bilan aloqalar texnologiyalari, fikr va axborot erkinligi” mavzusida malaka oshirish kursi o‘tkazildi.

Malaka oshirish kursi dasturida auditoriya mashg‘ulotlari bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar va sayyor o‘quv mashg‘ulotlar nazarda tutilgan bo‘lib, ularni o‘tkazish jarayoniga Akademiya xodimlari bilan bir qatorda media sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan ekspert va mutaxassislar jalb qilingan.

Tinglovchilar o‘quv mashg‘ulotlari davomida fikr erkinligi, axborotni izlash, olish va tarqatish borasidagi xalqaro standartlar talablari va milliy  qonunchilik tahlili, prokuratura organlari tizimida jamoatchilik va OAV bilan aloqalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar,  axborot makonida jinoyatchilik bilan bog‘liq masalalarni yoritishga doir masalalar, prokuror ritorikasi, muloqotdagi nizoli  vaziyatlar va ularni boshqarish usullari, stressga bardoshlilik va stressni boshqarish imkoniyatlari, kontent yaratish jarayonida sun’iy intellekt imkoniyatlarini samarali qo‘llash masalalari yuzasidan ma’lumotga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil  etilgan sayyor mashg‘ulot davomida Agentlikning Axborot xizmatlari faoliyatini tashkil qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash mexanizmlari, fuqarolarni axborot bilan ta’minlashning hamda OAV va blogerlar bilan muloqotning huquqiy asoslari, axborot xizmatlari yo‘nalishida proaktiv fikrlashni shakllantirish, ma’lumot tarqatishda gender sezgirlikka ahamiyat berish, axborotning jamoatchilik kayfiyatiga ta’sirini monitoring qilish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, rasmiy munosabat berish, axborot xizmatlari faoliyatida media-rejalashtirish, faoliyat samaradorligini baholashdagi mezonlar, tizimli tahlil va media ko‘rsatkichlar asosida samarali qarorlar qabul qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tinglovchilar uchun amaliy va strategik ko‘nikmalarni mustahkamlash, sohaga zamonaviy kommunikatsiya vositalari va axborot siyosatini tatbiq etish borasida muhim tajriba ekanligi qayd etildi.

Tinglovchilar shuningdek O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyiga tashrif buyurib, prokuratura organlarining shakllanish va rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishdilar. Ekspozitsiyada soha tarixidagi muhim jarayonlar bilan bir qatorda qatag‘on davri qurbonlarining xotirasi, huquqni muhofaza qilish yo‘lida fidokorona xizmat qilgan yurt fidoiylarining hayoti va faoliyati o‘z ifodasini topgan bo‘lib, tinglovchilarda kasbga bo‘lgan hurmat va faxr tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Kurs doirasida tinglovchilar bilim va ko‘nikmalari diagnostika qilindi. Malaka oshirish kursi yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.